Qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi
Kuni kecha tuman hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, faollar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Urazaliyeva Muqaddas O‘ktamovna ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Qonunchilin palatasida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi muhokama qilindi.
Loyihada asosan qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Birinchidan, aralash saylov tizimiga o‘tilishi munosabati bilan "Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida» gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi konstitutsiyaviy qonunlardan va Saylov kodeksidan Qonunchilik palatasiga saylov faqatgina "hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha" o‘tishini nazarda tutuvchi so‘zlar chiqarib tashlanmokda.
Ikkinchidan,saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritilmoqda. Jumladan:
- saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga bo‘linmoqda. Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Ya’ni Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda;
- partiya ro‘yxatida nomzodlar to‘g‘risida ma’lumotlar (FIO, tug‘ilgan sana, kasbi, ish joyi va bosh.) ko‘rsatilishi hamda ushbu ro‘yxat Markaziy saylov komissiyasida ro‘yxatga olingandan so‘ngunda ko‘rsatilganlar deputatlikka nomzod maqomini olishi va ularga tegishli guvohnoma berilishi nazarda tutilmokda;
- E’tiborli jihati, partiya ro‘yxatiga ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizim bo‘yicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi nazarda tutilmoqda;
- uchastka komissiyalari joylashgan binolarda mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan materiallar jumlasiga siyosiy partiyaning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan nashr qilingan dasturi hamda partiya ro‘yxati ham kiritilmokda;
- agar nomzod: ixtiyoriy ariza berganda, partiya a’zoligidan chiqqanda, nomzodlik maqomidan mahrum etilganda, deputatlik vakolatiga muvofiq kelmaydigan lavozimga o‘tganda, uning boshqa partiya ro‘yxatida ham nomzodi ko‘rsatilganda; boshqa partiyaning a’zosi ekanligi aniqlanganda, vafot etganda, muomalaga layoqatsiz, deb topilganda, shuningdek, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lganda; uning bir mandatli saylov okrugidan ham nomzodi ko‘rsatilganda partiya ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi ko‘rsatilmokda;
- agar proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi belgilanmokda;
- yo) yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi o‘rnatilmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topilishi belgilanmoqda;
- j) yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatliko‘rinlarini partiyalaro‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda, proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsienti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffisientiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi. Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, buning natijasida ba’zi deputatlik o‘rinlari taqsimlanmasdan qolsa, ularni ham taqsimlash tartibi aniq ochib berilmoqda.
Uchinchidan, Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, xususan "Markaziy saylov komissiyasi — hududiy saylov komissiyasi — tuman va shahar saylov komissiyasi — okrug saylov komissiyasi — uchastka saylov komissiyasi" tuzilmasi taklif etilmoqda. Bunda:
- viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komissiyalari tuzilishi nazarda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechish hamda ularning vazifalarini hududiy saylov komissiyalariga yuklash taklif etilmoqda. Ya’ni okrug saylov komissiyalari faqatgina xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuzilishi taklif etilmoqda;
- saylov komissiyalarining professional tarzda ish olib borishini ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha bo‘lgan a’zosining doimiy faoliyat yuritishi belgilanmoqda. Xuddi shunday, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zolari soni 7 nafardan 9 nafarga oshirilmoqda hamda jamoatchilik asosida a’zolari faoliyati tugatilmoqda, ya’ni Markaziy saylov komissiyasining barcha 9 nafar a’zolari doimiy asosda ishlashi taklif etilmoqda;
- Markaziy saylov komissiyasi raisining vakolat muddati besh yil etib belgilanmoqda hamda ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq rais etib saylanishi mumkin emasligi o‘rnatilmoqda;
- hududiy saylov komissiyalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, tuman va shahar saylov komissiyalari esa hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuzilishi belgilanmoqda (amalda ular xalq deputatlari kengashlari tomonidan tuziladi). Bunda tegishli xalq deputatlari Kengashlari nomzodlarni tavsiya qiladi. Shuningdek, okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari ham hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuzilishi nazarda tutilmoqda;
- d) e’tibor qiling, saylov komissiyasi a’zolarining ijtimoiy kafolati kuchaytirilmoqda. Xususan, saylov komissiyasining o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan a’zolari saylov davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emasligi o‘rnatilmoqda.
To‘rtinchidan, saylov okruglarini tuzishga oid qoidalar takomillashtirilmoqda. Jumladan:
- amaldagi Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylovo‘tkazish uchun tuziladigan saylov okruglari sonining eng yuqori miqdori belgilangan bo‘lib, okruglar sonining aniq miqdori ko‘rsatilmagan. Shu sababli loyihada mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari tegishli deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda tuzilishi, deputatlik o‘rinlari soni esa aholi sonidan kelib chiqqan holda aniq belgilanmoqda;
- saylovchilar ro‘yxatining dolzarbligi va aniqligini doimiy ravishda ta’minlash maqsadida saylov okruglar va uchastkalari har besh yilda bir marta tuzilishi belgilanmoqda;
- yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okruglar soni ilgari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan bo‘lsa, endilikda Senattomonidan belgilanishi mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan tuman, shahar mahalliy Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okruglar ilgari xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tuzilgan bo‘lsa, endilikda hududiy saylov komissiyasi tomonidan tuzilishi belgilanmoqda;
Beshinchidan, chet davlatlarda bo‘lgan fuqarolarimizning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarish hamda ularning bergan ovozini o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan boshqa saylov okrugi hisobiga o‘tkazish kabi noto‘g‘ri amaliyotdan voz kechish maqsadida xorijdagi fuqarolarimiz Qonunchilik palatasi saylovida proporsional tizimi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etishi taklif etilmoqda.
Oltinchidan, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda saylovda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi, ya’ni mutloq ko‘pchilik ovoz talab etiladi. Ushbu talab Prezident saylovlariga nisbatan to‘g‘ri qo‘llanilgan bo‘lib, bundan maqsad saylov huquqiga ega bo‘lgan mamlakat aholisining mutloq ko‘pchiligi tanlagan shaxsgina Prezident lavozimiga munosib ko‘riladi. Bunday amaliyot aksariyat xorijiy mamlakatlarda ham mavjud.
Shu bilan birga, bir nechta saylov okruglaridan saylanadigan deputatlikka nomzodlarga nisbatan bu kabi qoidani qayta ko‘rib chiqish zarurati mavjud. Chunonchi, boshqalarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylanmas ekan, o‘sha hududdagi nisbatan ko‘pchilikning fikri va xohish-istagi amalga oshmay qoladi. Shu sababli, bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanmokda. Ya’ni, mutloq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.
Yettinchidan, siyosiy partiyalarning parlamentdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda. Jumladan:
- ma’lumki, partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlar muayyan saylov okrugiga ega bo‘lmaydi. Bunday deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirish uchun asosiy mas’uliyat siyosiy partiyalar fraksiyasi zimmasida bo‘ladi. Shunga muvofiq, "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida"gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risidayagi qonunlarda partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanishi mustahkamlanmoqda;
- taklif etilayotgan proporsional saylovtizimida siyosiy partiyalar saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini olgan taqdirda, ularga deputatlik o‘rinlari berilishi nazarda tutilmoqda. Shunga mos ravishda hamda ko‘ppartiyaviylik tamoyiliga sodiq qolgan holda kam ovoz to‘plagan partiyalarga ham imkoniyatyaratish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy Qonun va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi Qonunda Qonunchilik palatasida fraksiya tuzishi mumkin bo‘lgan deputatlar soni to‘qqiz nafardan besh nafarga tushirilmoqda;
- «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy Qonunda va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi Qonunda siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat shu partiya fraksiyasining a’zosi bo‘lishi qatiy o‘rnatilmoqda.
Sakkizinchidan, saylov komissiyalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan:
- konstitutsiyaga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi vakolatlariga qo‘shimcha ravishda mahalliy Kengashlar saylovini tashkil etish va o‘tkazish masalasi kiritilmoqda, shuningdek, hududiy saylov komissiyalarini tuzish, yangi tashkil etilgan viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzish va boshqalar kiritilmoqda.
- okrug saylov komissiyasining saylov uchastkalari va uchastka komissiyalarini tuzish, tegishli hududda deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish vakolatlari hududiy saylov komissiyalarining vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarni ro‘yxatga olish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida tegishli hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va boshqa shu kabilar ham hududiy saylov komissiyalarining vakolatiga kiritilmoqda.
- amaldagi Saylov kodeksida tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlari sanab o‘tilmagan. Shu sababli, Saylov kodeksi yangi 20/1-modda bilan to‘ldirilib, unda tuman, shahar saylov komissiyasi: xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylov okruglarini tuzish; xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlarni hamda ularning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish; tegishli saylov okruglari bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash; xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlariga guvohnoma va ko‘krak nishonini berish hamda boshqa vakolatlarga ega ekanligi sanab o‘tilmoqda.
To‘qqizinchidan, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish maqsadida uchastka komissiyasi binosida tanishib chiqish uchun osiladigan saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining faqatgina familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan yilini ko‘rsatish bilan cheklanish taklif etilmoqda.
O‘ninchidan, saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, referendumga oid qonun hujjatlari ham takomillashtirilmoqda. Xususan, «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi Qonunida:
- referendum okruglarini va okrug komissiyalarini tuzish tartibi bekor qilinib, okrug komissiyalarining vazifalarini viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari amalga oshirishi taklif etilmoqda;
- Saylov kodeksiga muvofiq tuzilgan saylov uchastkalari referendum o‘tkazish davrida referendum uchastkalari hisoblanishi belgilanmoqda;
- Saylov kodeksi talablaridan kelib chiqib, amaldagi cheklovlar bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda deputatlar, senatorlar, hokim o‘rinbosarlari, boshqa saylov komissiyalarining a’zolari, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlari uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lgan fuqarolar ham referendum uchastkasi komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlanmoqda;
- referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zosining ovoz beruvchining fuqarolar ro‘yxatidagi ma’lumotlarini tekshirishi va unga ovoz berish byulletenini topshirishi kabi ba’zi protsessual harakatlari ochib berilmoqda.
Umuman olganda, qonunning qabul qilinishi saylov va referendum qonunchiligini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtiradi, parlamentni shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘yadi hamda ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning ishtiroki va rolini oshiradi.