Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma’qullangan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan 2012–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritilmoqda:
quyidagi mazmundagi 197-1-modda bilan to‘ldirildi:
«197-1-modda. Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) takroran;
- b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, –
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf qilsa, javobgarlikdan ozod etiladi»;
quyidagi mazmundagi 229-4-modda bilan to‘ldirildi:
«229-4-modda. Yer berish tartibini buzish
Yer berish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
- a) takroran sodir etilgan bo‘lsa;
- b) sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqishiga sabab bo‘lsa, – eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan 2013–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 345-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Jinoyat kodeksining 97–103-1, 108, 116, 141–149, 175, 180–181-1-moddalarida, 184-moddasi uchinchi qismida, 186-moddasi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida, 192-1–192-11, 197-1, 205–212, 215, 218–221, 229-4, 230, 231-moddalarida, 232-moddasi ikkinchi qismida, 233–236, 241-1–242, 265-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha, shuningdek qonunda ko‘rsatilgan ayrim toifadagi mansabdor shaxslarning jinoyatlariga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov prokuratura organlarining tergovchilari tomonidan olib boriladi».
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:
60-modda:
dispozitsiyasidagi «xuddi shuningdek yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish» degan so‘zlar chiqarib tashlandi;
quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirildi:
«Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, –
fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf qilsa, javobgarlikdan ozod etiladi»;
quyidagi mazmundagi 60-1-modda bilan to‘ldirildi:
«60-1-modda. Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik, –
fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi»;
68-modda:
birinchi qismining sanksiyasidagi «uchdan bir qismidan bir baravarigacha», «bir baravaridan uch baravarigacha» degan so‘zlar tegishincha «bir baravaridan uch baravarigacha», «uch baravaridan besh baravarigacha» degan so‘zlar bilan almashtirildi;
ikkinchi qismining sanksiyasidagi «bir baravaridan uch baravarigacha», «uch baravaridan yetti baravarigacha» degan so‘zlar tegishincha «uch baravaridan besh baravarigacha», «yetti baravaridan o‘n baravarigacha» degan so‘zlar bilan almashtirildi;
quyidagi mazmundagi 68-1-modda bilan to‘ldirildi:
«68-1-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, –
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi»;
O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan 598–I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi quyidagi mazmundagi 49-1-modda bilan to‘ldirildi:
«49-1-modda. Tajriba-ishlab chiqarish, o‘quv, o‘quv-tajriba va o‘quv-ishlab chiqarish xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot va boshqa qishloq xo‘jalik muassasalari va tashkilotlariga yer uchastkalarini berish
Tajriba-ishlab chiqarish, o‘quv, o‘quv-tajriba va o‘quv-ishlab chiqarish xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot va boshqa qishloq xo‘jalik muassasalari va tashkilotlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida ilmiy-tadqiqot va ta’lim maqsadlari, tovar qishloq xo‘jaligini yuritish va ilg‘or tajribani targ‘ib qilish uchun beriladi.
Tajriba-ishlab chiqarish, o‘quv, o‘quv-tajriba va o‘quv-ishlab chiqarish xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot va boshqa qishloq xo‘jalik muassasalari va tashkilotlari yer uchastkalarini ijaraga yoki ikkilamchi ijaraga berish huquqiga ega emas.
Tajriba-ishlab chiqarish, o‘quv, o‘quv-tajriba va o‘quv-ishlab chiqarish xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot va boshqa qishloq xo‘jalik muassasalari va tashkilotlariga berilgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda imoratlar va inshootlar qurishga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra alohida hollarda yo‘l qo‘yiladi».
O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:
84-modda:
yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Yer resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi yuzaga kelgan (tugatilgan) shaxslarni ko‘rsatgan holda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilganligi (tugatilganligi) to‘g‘risida, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatsiz yoki hujjatda ko‘rsatilganiga nisbatan katta hajmdagi yer uchastkalaridan foydalanilganlik va yer uchastkasiga bo‘lgan egalik qilish, foydalanish, ijara va mulk huquqining ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi hollari haqida yer uchastkasi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga mazkur hollar aniqlangan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda ma’lum qilishi shart»;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldirildi:
«Yer resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi va (yoki) baholovchi organlar har bir qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga har yili yanvar oyining birinchi o‘n kunligida, yil davomida normativ qiymat o‘zgargan taqdirda, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati aniqlangan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda elektron shaklda axborot taqdim etadi.
Jizzax tumanlararo
ma’muriy sudining sud’yasi
M.M.Yuldashev