Sariq zang kasalligidan extiyot bo‘ling!
Bugungi kunda boshoqli don ekinlaridan mo‘l hosil olish uchun agrotexnik tadbirlar o‘tkazish bilan bir qatorda, uning kasallik, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi samarali kurash tadbirlarini o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Boshoqli don ekinlariga ayniqsa bug‘doy hosiliga qorakuya kasalliklari, fuzarioz, septarioz, unshudring va zang kasalliklari jiddiy zarar yetkazadi.
Sariq zang kasalligi- bug‘doy kasalliklari ichida sariq zang kasalligi o‘ta xavfli bo‘lib, uning keng tarqalishi va rivojlanishiga seryomg‘ir va ochiq xavoning surunkali almashib turishi qulay sharoit tug‘diradi. Yuqori namgarchilikda uning sporalari o‘sa boshlaydi, 2 gradus haroratda o‘simlik to‘qimasiga kiradi. Kasallikning tez tarqalishi va rivojlanishi uchun o‘rtacha harorat 8-15 gradus bo‘lganda ommaviy ko‘payib, g‘alla maydonlariga tarqalib ketadi. Sariq zang zamburug‘lari barglarda uzun qator-qator joylashgan sariq dog‘lar hosil qiladi. Sariq zang kasalligi bug‘doy hosildorligini 50-60 foizgacha kamaytirishi mumkin.
Sariq zang kasalligiga qarshi kurashish- Bugungi kunda mamalkatimizda ekilayotgan bug‘doy navlarining aksariyati sariq zangga chidamsiz. Shu tufayli bug‘doyni kasallikdan saqlashning eng ishonchli usuli bu kimyoviy usul bo‘lib, preparatlarni ya’ni fungitsidlarni purkashdir. Sariq zang kasalligining dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilan fungitsidni qo‘llash lozim. Yurtimizda bug‘doy kasalliklariga qarshi 34 ta fungitsid qo‘llaniladi. Ulardan “Alto super”, “Titul Duo”, “Duazol” kabi preparatlar yuqori samarali bo‘lib, keng maydonlarda ishlatiladi. Ushbu preparatlar zang rivojlanishini 25-30 kunga to‘xtatib turishi mumkin. “Duazol”, “Alto super” preparatlarini gektariga 200-250 grammdan va “Titul Duo” preparatini 300 grammdan ishlatilsa ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. G‘alla maydonlarida zang kasalligi kuchli tarqalgan bo‘lsa 15 kun ichida takroriy ishlov berilishi kerak. Shuni esda tutish kerakki kimyoviy preparatlar bilan ishlov berilgandan so‘ng g‘alla maydonlari mutaxassis va agronomlar tomonidan doimiy kuzatuvlar olib borishi kerak. Kasallik belgilari paydo bo‘lsa, takroriy ishlovlar o‘tkazish zarur. Xavo harorati o‘rtacha 23 darajadan yuqori bo‘lsa kasallik rivojlanishdan to‘xtaydi.
Ushbu tavsiyalarga rioya qilish, kimyoviy preparatlarni o‘z vaqtida qo‘llash bug‘doyning o‘sishi va rivojlanishini tezlashtiradi va hosildorlik oshishini ta’minlaydi.
SH.Q.Turdibekov
“O‘zagroinspeksiya”ning Zomin
tuman bo‘limi boshlig‘i