G‘alla o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash eng muhim vazifa
Respublikamizning don mustaqilligini ta’minlashda yetishtirilgan boshoqli don maxsulotlari hosilini tez va nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish muxim vazifalardan biridir. Buning uchun o‘rim-yig‘imni mahalliy sharoitga moslab tashkil etish, mavjud texnikalarni ishga sifatli tayyorlab, undan unumli foydalanish zarur. O‘rim-yig‘im mavsumini hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga, hosilni yetishtirish usuliga va g‘allaning ekilgan navlariga e’tibor qaratib tashkil etish kerak.
Tumanimiz dehqonlari joriy yilda 4900 gektardan ortiq suvli maydonlarga boshoqli don ekinlarini ekib parvarish qilmoqda. Tumanda asosan o‘rtapishar bug‘doy navlari ekilgan. Ushbu navlar o‘z vaqtida o‘rib yig‘ishtirib olinmasa boshoqdagi don to‘kilib hosildorlik kamayishiga sabab bo‘ladi. Dehqonlar tomonidan bug‘doyni o‘z vaqtida o‘rib yig‘ishtirib olishda yaroqli g‘alla o‘rish kombaynlarining ishtirok etishi muhim omillardan biridir. Bobo dehqonlarimiz “Texnika dehqonning qanoti” deb bejiz aytishmagan. Shunday ekan dehqonlarimiz tomonidan yetishtiriladigan boshoqli don ekinlarini nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish uchun soz holatdagi g‘alla o‘rish kombaynlaridan foydalanishimiz kerak.
G‘alla o‘rish kombayni konstruksiyasi eng murakkab, ko‘p qismlari ochiq yoki yarim yopiq, aylanma va tebranma harakat qiluvchi, texnika va yonilg‘i xavfsizligi qoidalarining rioya etilishiga o‘ta talabchan mashinalardan biridir. Kombaynlarga uch muddatda texnik xizmat ko‘rsatiladi. Ya’ni o‘rim oldidan, o‘rim paytida va o‘rimdan keyin.
G‘alla o‘rim yig‘im mavsumi to‘liq va sifatli ishlashi kombaynlarni bugundan tayyorlash, ya’ni tumandagi ma’sullar tomonidan kombaynlarning mavsumga tayyorgarligini o‘rganib chiqish, xatlovdan o‘tkazish, ta’mirtalab kombaynlarni qisqa muddatlarda ta’mirga tortish eng muhim vazifadir.
Kombaynlarni g‘alla o‘rim yig‘imiga tayyorlash uchun birinchi navbatda hususiy va fermer xo‘jaliklari balansidagi mavjud kombaynlarni xatlovdan o‘tkazish kerak. Bunda tumandagi barcha g‘alla o‘rim yig‘imiga aloqador tashkilotlar jalb etiladi. So‘ng kombaynlarni bir joyga yig‘ish, ta’mirga tortish, sinovdan o‘tkazish, yaroqsiz extiyot qismlarni qisqa muddatlarda boshqasiga almashtirish kerak. Kombaynni boshqarishda hayot uchun zarur bo‘lgan texnika xavfsizligi va yo‘l xarakati xavfsizlik qoidalariga to‘liq amal qilish bo‘yicha kombayn operatorlariga tushuntirish ishlari olib borish, yoritish va mayoq chiroqlari ishchi xolatida bo‘lishi, tovlanuvchi belgilar, shuningdek avariya yuz berishi va yong‘in kelib chiqishi extimolligi yuqori bo‘lgan kombaynni xushyorlik bilan boshqarish, mavsumda kombayn nosoz holga kelganda esa mutaxassislarga murojaat qilish bo‘yicha tavsiyalar berish kerak.
O‘zagroinspeksiyaning
Zomin tumani bo‘limi boshlig‘i
Sh.Turdibekov