Kartoshka yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Xalqimiz kartoshkani “ikkinchi non” deb ataydi. Shuning o‘zi bu mahsulotning kundalik turmushimiz, taomnomamizda qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. Kartoshka eng muhim oziq-ovqat ekinidir. U kraxmal, uglevod, oqsil, S vitamini, mineral tuzlar va boshqa moddalarga boyligi bilan ajralib turadi. Xalq iste’molida kartoshkadan yil davomida foydalaniladi. Bu borada Respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab xukumatimiz kartoshkachilikka alohida e’tibor berib kelmoqdalar. O‘lkamizda ichki bozorni o‘zimizda yetishtirilgan arzon, sifatli kartoshka bilan to‘ldirish maqsadida boshqa davlatlardan respublikamiz tuproq iqlim sharoitiga mos, yuqori hosilli kartoshka navlari keltirilmoqda.
Tumanimizda ham aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish, ichki bozorni sifatli kartoshka bilan to‘ldirish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan tumanda joriy yilda fermer xo‘jaliklarining 420 gektar maydonlarida kartoshka ekish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda fermer xo‘jaliklarida kartoshka ekish ishlari boshlangan. Ekilgan kartoshka maydonlariga quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalarni berib o‘tamiz.
Ertagi kartoshka yetishtirish uchun o‘suv davri 70-90 kunni tashkil etadi. Ertagi kartoshka ekiladigan maydon birinchi navbatda ekin qoldiqlaridan tozalanadi. Kartoshka ekiladigan maydonga gektariga 3 tonnadan maxalliy o‘g‘it (chirigan go‘ng) va 230-250 kg dan fosforli mineral o‘g‘it sepiladi. Maydon 28-30 sm chuqurlikda haydalib, yengil mola bilan birgalikda baronalanadi. Maydon tayyor bo‘lishi bilan ekish mexanizmi yordamida urug‘lik kartoshka ekiladi. Gektariga 2,5-3 tonnagacha kartoshka urug‘i ekiladi, ekilgan kartoshka urug‘i 8-10 sm qalinlikda ko‘miladi. Kartoshka ekish 70x20-25 sm sxemada o‘tkazilishi ma’qul. Ertagi kartoshka tup qalinligi 57-71 mingtagacha bo‘ladi. Kartoshka tuganaklarini pushta ekish ham yaxshi natija beradi. Pushta ekilgan kartoshka urug‘i tez rivojlanadi. Hosil erta pishadi. Parvarishda asosiy talab kartoshka tupi atrofidagi tuproqni yumshoq va begona o‘tlardan toza holda saqlashdir. Qator oralarini kultivatsiya qilish, tuproqni yumshatish urug‘lar unib chiiqandan keyin KRN-4.2, KOR-4.2 kultivatorlarida amalga oshiriladi. Birinchi kultivatsiya 12-14 sm, keyingilar 14-16 sm chuqurlikda o‘tkaziladi. Kultivatsiyalar har yomg‘irdan yoki sug‘orishdan keyin o‘tkaziladi. Kartoshka maydonlarida chopiq o‘tkazishda o‘tlarni yo‘q qilish bilan birgalikda o‘simlik atrofiga tuproq tortiladi, natijada issiqlikning zararli ta’siri kamayadi. Kartoshkani birinchi oziqlantirish kultivator oziqlantirgichlar yordamida maysalar hosil bo‘lgandan keyin gektariga 45-50 kg, ikkinchi marta g‘unchalash fazasida 80-85 kg me’yorida azot bilan oziqlantiriladi. Kartoshkani sug‘orishda ularning soni tuproqdagi namlik hisobga olinadi. Sug‘orish uchun egatlar uzunligi 90-120 metr, chuqurligi 18-20 sm bo‘lishi kerak. Ohirgi sug‘orish hosil yig‘ishdan 5-2 kun oldin to‘xtatiladi.
Kartoshkaga zarakunandalardan kolorado qo‘ng‘izi ko‘p zarar keltirmoqda. Ularga qarshi kurashda kimyoviy usullardan foydalanish ijobiy samara beradi. Sherpa, simbush, Zalon preparatlari ko‘proq samara beradi. Dorilash hosil yetishtirishdan 20-30 kun olidan to‘xtatiladi. Kartoshka palaklari sarg‘ayib, tuganaklardagi po‘st qattiqlashib, sidirilmaydigan bo‘lganda hosilni yig‘ishga kirishiladi.
Yurodagi ko‘rsatib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinsa kartoshkadan yuqori hosil olishga erishiladi.
Sh.Q.Turdibekov
“O‘zagroinspeksiya”ning Zomin
tuman bo‘limi boshlig‘i