JIZZAXDA 110 TA BESHINCHI AVLOD “VOLKSWAGEN CADDY” TEZ TIBBIY YORDAM MASHINALARI TOPSHIRILDI
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Jizzax avtomobil zavodi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq mazkur zavodda ishlab chiqarilgan 110 ta A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari bugun respublikamizdagi "103" xizmatlariga topshirildi.
Tantanali topshirish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, vazirlik mas’ul vakillari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Maxmudova ishtirok etdilar.
Marosimda qayd etilganidek, ushbu avtomashinalar yaxshi texnik ko‘rsatkichlar, yuqori harakatlanish qobiliyati, ixchamligi va xizmat ko‘rsatishga qulayligi bilan ajralib turadi.
–Bugungi tadbirda viloyatimizga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zamonaviy beshinchi avlod “Volkswagen Caddy” avtomashinalardan 9 tasi topshirildi. Ushbu avtomashinalar tez tibbiy yordam brigadalari ishini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi qoshidagi avtokorxona direktori Ibrohim Hayitqulov.