SUD ISLOHOTLARI YANGI BOSQICHDA
Yurtimizda odil sudlovni ta’minlashda, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda buzilgan huquqlarini tiklashda bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinayotgani, keng miqyosda islohotlar olib borilayotgani hammaga mal’um. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 44-moddasida “Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”,-deya qayd etilgan.
Ushbu Konstitutsiyaviy normani hayotga keng tadbiq etishda sud tizimining o‘rni beqiyos, albatta! O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 106-moddasida hamda O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasida aytilganidek, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Ushbu mustaqillikni ta’minlash, odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida joriy yilning 16-yanvar kuni “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-11-son Farmoni qabul qilindi. Farmonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari sud hokimiyati mustaqilligini hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini bergani, shu bilan birga “Yangi O‘zbekiston — yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etganligi ushbu Farmonning qabul qilinishi sabablaridan ekanligi qayd etilgan. Farmonga ko‘ra,
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi ishlab chiqildi.
Ushbu strategiya O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda istiqbolli vazifalarini belgilashi, shuningdek, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni yanada keng joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi belgilangan. Ushbu strategik rejaga ko‘ra bir qator muhim islohotlar nazarda tutilgan. Misol sifatida, “Xabeas korpus” institutini keng qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish, taraflarning tashabbusiga ko‘ra tayinlangan ehtiyot chorasini sud tomonidan yuqori qiymatda (jumladan, yetkazilgan zararga nisbatan) garov ehtiyot chorasiga almashtirish tartibini belgilash kabi islohotlar odil sudlovni ta’minlashda juda muhimdir.
Shuningdek, 2023 — 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi ham Farmonda qayd etilgan bo‘lib, nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, sud ish yurituvida taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipini amalda ta’minlash imkoniyatlarini yaratish, sudyalar ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, huquqni qo‘llash amaliyotini tanqidiy tahlil qilish asosida hamda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda ma’muriy sud ish yurituvini takomillashtirish choralarini ko‘rish, sud ishlarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini ta’minlash, sudyalar faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash kabi vazifalar belgilanganini alohida qayd etish lozim.
Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish; viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish; viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish; yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi qayd etilgan bo‘lib, ushbu islohot ham tom ma’noda odil sudlovni ta’minlashga qaratilgandir.
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Shomurod Begmatov