SUDLAR FAOLIYATINING SAMARADORLIGI OSHIRILADI
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar sud hokimiyati mustaqilligi, ochiqligi, shaffofligini ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini berdi.
Sud-huquq islohotlarining davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan aholining odil sudovga erishish darajasini yanada oshirish maqsadida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi hamda ushbu strategiyani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.
Strategiya doirasida odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish, adolatli sud qarorlarini qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish qayd etildi. Bu borada sudlarda taraflar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga e’tibor qaratiladi.
Farmonga ko‘ra, ishlarni ko‘rish bosqichlarida ham bir muncha o‘zgarishlar ko‘zda tutilayapti. Ya’ni, tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, bu ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish, bu ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etiladi. Shuningdek, endilikda yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish vakolatini berish belgilanmoqda.
Mazkur amaliyotni joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad fuqarolar uchun qabul qilingan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratishdir.
Yangidan joriy etiladigan tartib butun sud tizimini yanada samarali faoliyat yuritishi uchun xizmat qilishi barobarida, adolatli davlat barpo etilayotgan mamlakatimizda fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, sudlarda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jizzax tumanlararo
ma’muriy sudining sud’yasi M.M.Yuldashev