Telefonlar:
(0372) 392-12-12
(0372) 392-14-92
» » O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

25 май 2023 йил
226
0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

2023 — 2025-yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Jizzax viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, foydalanilmayotgan davlat aktivlari, mavjud tabiiy resurslar zaxiralari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidagi yer maydonlari va suv resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish hisobiga qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida:

  1. Quyidagilar Jizzax viloyatini 2023 — 2025-yillarda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash, mahallalarni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish;

infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari va suv resurslaridan oqilona foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish;

foydalanilmayotgan davlat aktivlari hamda mavjud tabiiy resurslar zaxiralaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish.

  1. Jizzax viloyatida 2023-yilda tashkil etiladigan yangi ish o‘rinlarining yig‘ma maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev bilan birgalikda:

bir oy muddatda 2023-yilda amalga oshiriladigan investitsiya, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohalariga oid loyihalar va yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining tuman va shaharlar kesimidagi ro‘yxatini va ularni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlasin;

investitsiya, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohalariga oid loyihalarni o‘z vaqtida va samarali tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish ustidan doimiy monitoring o‘rnatib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

  1. 2023-yilda Jizzax viloyatida ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, yo‘l-transport infratuzilmasi va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishning manzilli ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, mazkur qarorga 2-ilovada belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar va ijrochilarning o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha tarzda 406,1 milliard so‘m ajratilishi belgilansin.

Bosh vazir o‘rinbosari A.J. Ramatov qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I. Zakirov bilan birgalikda 2023-yilda qo‘shimcha tarzda ajratilgan mablag‘lar doirasida ijtimoiy soha obyektlari, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratining amalga oshirilishini ta’minlasin.

  1. Jizzax viloyatidagi mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash maqsadida 2023-2024-yillarda mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning manzilli ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ushbu bandda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishini samarali tashkil qilish Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.A. Musayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.

  1. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Jizzax viloyati hokimligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda, tajriba tariqasida, viloyatdagi 302 ta mahallaning har biridan besh nafargacha hunarmandchilikka qiziquvchi yoshlarni 2023-2024-yillar davomida grafik asosida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi hunarmandchilik maktablariga hunar o‘rganish uchun o‘quv kurslariga yuborish choralarini ko‘rsin.

Bunda, mazkur chora-tadbirlarni moliyalashtirish Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi va “Hunarmand” uyushmasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

  1. Vazirlar Mahkamasining Jizzax viloyati tumanlarida kichik sanoat zonalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish komplekslari va boshqa sanoat obyektlarini barpo etish, shu jumladan yo‘lbo‘yi xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish maqsadida 4-ilovaga muvofiq jami 1 371,7 gektar, shundan 31,9 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq yer uchastkalari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan chiqarilishi munosabati bilan hisoblanadigan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar, istisno tariqasida, undirilmaydi.

Kadastr agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur bandga asosan yer resurslarining holati to‘g‘risidagi milliy hisobotga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin.

  1. Jizzax viloyati hokimligi ikki oy muddatda:

yer uchastkalarining jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkazilgan zararlarning belgilangan tartibda to‘liq qoplab berilishini;

tanlangan yer uchastkalarining belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilishi, davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi hamda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.

  1. 2023-yilda jami 25 gektar yer maydonida yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash tadbirlarining manzilli dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, mazkur qarorga 5-ilovaga muvofiq tasdiqlanayotgan dastur bo‘yicha bosh reja loyihalarini ishlab chiqish Jizzax viloyati mahalliy budjeti va Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi..

  1. Jizzax viloyatida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 20 ta yirik istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq, Xorijiy brendlar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mazkur qarorga 6-ilovada keltirilgan istiqbolli investitsiya loyihalariga xorijiy hamkor topishda Jizzax viloyati hokimligiga ko‘maklashsin.

  1. Jizzax viloyatida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va xomashyo zaxiralarini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Jizzax viloyatida 2023-yilda auksion savdolariga chiqariladigan zaxiralarga ega 25 ta yer qa’ri uchastkalari ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Jizzax viloyati hokimligi bir oy muddatda mazkur qarorga 8-ilovada keltirilgan yer qa’ri uchastkalari joylashgan yer maydonlarini doimiy foydalanish huquqi asosida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga ajratsin.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorga 8-ilovada keltirilgan yer qa’ri uchastkalarining 2023-yil 1-iyulga qadar auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.

  1. Belgilansinki, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari va suv resurslaridan oqilona foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida 2023-yilda Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida yangi dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun paxta va g‘alla maydonlaridan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan ekin yerlar hisobidan aholiga qo‘shimcha 500 gektar yer maydoni ajratiladi.
  2. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida Jizzax viloyati tumanlarida 2023 — 2025-yillarda ekin yerlarini qayta foydalanishga kiritishning maqsadli ko‘rsatkichlari 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Jizzax viloyati hokimligi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi bilan birgalikda mazkur qarorga 9-ilovaga muvofiq 2023 — 2025-yillar davomida Arnasoy, Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Forish va Yangiobod tumanlaridagi 9 480 gektar maydonda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish tadbirlari asosida yer maydonlarining foydalanishga kiritilishini ta’minlasin.

Bunda, ushbu tadbirlarni amalga oshirishda Suv xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi ularga mazkur maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida 83,1 milliard so‘m mablag‘ning ajratilishini ta’minlasin.

  1. Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda 10-ilovaga muvofiq dastlab aholiga ijaraga berilgan 400 gektar yer maydonida:

uzoq muddatli ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, mahsulot yetishtirish uchun oldindan buyurtma berish, ko‘chat, urug‘lik va o‘g‘it bilan ta’minlash, agronom biriktirgan holda yer maydonlari egalarining bilim-ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashadigan “Agregator” tizimining joriy etilishini;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan kichik agrologistika markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishini;

tumanning ixtisoslashuvi, iqlimi, ijaraga berilgan yer maydoniga yaqin bo‘lgan mahallalarda yetishtiriladigan mahsulotlar va aholining shakllangan ko‘nikmalarini inobatga olgan holda “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida eksportbop va yuqori daromadli ekinlar ekilishini ta’minlasin.

Bunda ushbu yer maydonlarini ijaraga olgan aholiga dehqonchilikda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish va samarali natijalarga erishishda ko‘maklashish, shuningdek ular uchun o‘quv seminarlarini tashkil etish choralari ko‘rilsin.

  1. Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi G‘allaorol, Arnasoy, Baxmal, Zarbdor tumanlarida joriy yil yakuniga qadar suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 38 ta mahalladagi 269 gektar aholi tomorqalari yer maydonlarini sug‘orish uchun 94 ta vertikal sug‘orish qudug‘ini ishga tushirish choralarini ko‘rsin.

Bunda, mazkur bandga muvofiq amalga oshiriladigan tadbirlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

  1. Madaniyat va turizm vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Aydar-Arnasoy ko‘llari bo‘yida turizm obyektlari tashkil qilishga qulay hududlarni belgilasin.

Soliq qo‘mitasi Jizzax viloyati hokimligi, Tabiat resurslari vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda turizm obyektlari tashkil qilinadigan hududlardagi ko‘chma savdo joylarining joylashish sxemasini ishlab chiqsin va unga asosan belgilangan tartibda ularni elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish choralarini ko‘rsin.

  1. Jizzax viloyatidagi ommaviy savdolarga chiqarilib, uch oydan ortiq muddat mobaynida sotilmay turgan, boshlang‘ich qiymatini 50 foizgacha bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llaniladigan davlat aktivlari ro‘yxati 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 12-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
  4. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. MIRZIYOYEV

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Foydali havolalar