O‘zbekiston LiDeP vakillari "Yashil makon" loyihasida faollik ko‘rsatmoqdalar
Xayrli an’anaga aylangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda joriy yil 25- oktyabrdan 1-dekabrga qadar yurtimizda “Kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilingan. “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan g‘oya ostida boshlanib ketgan umummilliy harakatdan kutilgan maqsad aniq. U ham bo‘lsa, mahallalarda, ko‘cha va guzarlarda, tashkilot va korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yo‘l chetlarida bo‘sh turgan joylarni bog‘-rog‘larga aylantirishdan iboratdir.
Joylarda keng jamoatchilik a’zolari katta xayrixohlik bilan kirishgan ko‘chat ekish ishlarida O’zLiDeP faollari ham faol ishtirok etmoqdalar. Partiya Jizzax viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat kengashidagi “Agrar, suv xo‘jaliklari va ekologiya masalalari bo‘yicha” doimiy komissiyasi raisi Erkin Xolmatov boshchiligidagi bir guruh partiya, mahalla va ekofaollardan iborat hasharchilar tomonidan Zomin tumanidagi “Yoshlik “ MFY hududiga 600 tup manzarali va mevali ko‘chat nihollari o‘tqazildi. E’tiborli tomoni, kelgusida ushbu ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlashga bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Hasharchilar tomonidan ekilgan ushbu ko‘chatlar “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan ezgu g‘oya ostida amalga oshirilayotgan umummilliy harakatga qo‘shilgan munosib hissa bo‘ldi.