"BIRLIK"DA XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSIB NISHONLANDI
Har yilgidek bu yil ham 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni, munis onajonlar, mehribon opa-singillarimiz bayrami munosabati bilan joylarda turli tadbirlar, koʻngilochar dasturlar allaqachon boshlanib ketgan.
Kecha tumandagi 1-sektor hududida joylashgan "Birlik" mahalla fuqarolar yigʻinida ana shunday tadbirlardan biri boʻlib oʻtdi.
Homiylar koʻmagi bilan mahalla "yettiligi" tashabbusi asosida tashkil qilingan tadbirga mahalla hududida yangi qurilgan "Bahoriston" kafesi mezbonlik qildi.
Mahalladagi faol xotin-qizlar, ibratli oilalar bekalari, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalar vakillari, nogironligi bor xotin-qizlar bayram bahona toʻkin dasturxon atrofida jam boʻldilar.
Tadbirni mahalla raisi ochib berib, barcha yigʻilganlarni bahoriy bayram bilan qutladi.
Tadbirda el suygan sanʼatkorlar xizmatda boʻlib, yigʻilganlarga bayram kayfiyati ulashdi.