Mayda qurtdan betakror pillagacha — ipak qurtini boqish bo‘yicha tavsiyalar
Mamlakatimizda sifatli pilla xom ashyosini yetishtirish, yetishtirilgan pilladan jahon standartlari talablariga javob beradigan yuqori sifatli ipak olish, ipakli mahsulotlar sifatini yaxshilash va assortiment turlarini kengaytirish, tannarxni kamaytirish, mahsulot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ipakchilik tarmog‘ining rivojlanishi pillakorlarning daromad manbaini oshiribgina qolmasdan pilla miqdorining ko‘payishiga, ipakli mahsulotlarning miqdorini ortishiga hamda xorijiy davlatlarga eksport qilish xajmini ko‘payishiga olib kelishi bilan birga iqtisodiyotning rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ipakchilik o‘zbek xalqining nihoyatda qadimiy kasblaridan biri bo‘lib, uning sir-asrorlari to hozirgi kunlargacha avloddan avlodga o‘tib kelmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston ipak qurti yetishtirish bo‘yicha dunyo yetkachilaridan biridir. Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha Xorazm vohasi o‘tmishda pillachilik markazlaridan biri bo‘lgan. Tut ipak qurtini boqish juda sermashaqqat jarayon hisoblanadi. Pilla va xom ipak sifatini yaxshilash esa ipak qurtini boqish va pilla o‘rash davridagi shart-sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi. Pillani boqishda bir qator agrotexnika va tashkiliy tadbirlarga amal qilishni talab etadi.
Ipak qurti qishloqlarda mashaqqat bilan boqiladi. Ipak qurti 25 kunlik umri davomida 4 xil ko‘rinishiga ya’ni avval tuxum, keyin qurt, g‘umbak va kapalak bo‘ladigan jonivordir. Ipak qurti umri davomida faqt tut bargi bilan oziqlanadi. Ipak qurtini boqishda har bir qurtga e’tibor berib boqish kerak. Ipak qurti alohida xonalarda boqilishi kerak. Qurt kichikligida xona harorati 26-27 gradusda bo‘lishi kerak Qurt kattalashib borishi bilan harorat ham tushirilib boriladi. Xonaning harorati muntazam nazoratga olinib borilishi kerak. Xona havosini shamollatib, tozalab turish kerak. Ipak qurtining qurtlik davri 5 yoshdan iborat. Mahalliy tilda qurtning yoshi xo‘rak deyiladi, qurtlar katta bo‘lib borishi bilan tut bargi miqdori ham oshirib borilaveradi. Ipak qurtining qurtlik davri 25-27 kun davom etadi. Shu davrda qurt 4 marta po‘st tashlab, 5 yoshni o‘taydi va pilla o‘rashga kirishadi. Shu jarayonda qurtlarga halaqit bermaslik kerak. Ipak qurti kattargani sari og‘zida ipak tolasiga aylanadigan yopishqoq modda hosil qilib, undan pillaga aylanadi. Pilla o‘rashga kirishish vaqtida quruq xashak tashlanadi. Pilla o‘rash 3 kun davom etadi. Qurt pilla ichida g‘umbakka aylanadi. Rivojlanish davom etib, g‘umbak kapalakka aylanadi. Kapalak og‘zidan maxsus suyuqlik chiqarib, pillaning bir uchini ho‘llaydi. Kapalak pillaning yelim moddasi erigan o‘sha joyni oyoqlari bilan so‘rib teshik ochadi va tashqariga chiqadi. Kapalak havo haroratiga qarab, 5–10 kun yashaydi. Tayyor pilla qo‘lda bittalab xashakdan ajratib olinadi va pilla qabul qilish maskanlariga olib boradi. Pillachilik korhonalari tomonidan ipak qurti boqilayotgan honadonlarga tajribasi bo‘lgan bitta agronom biriktirishi kerak. Agronom ipak qurtini boqish jarayonlarini kuzatib boradi va maslahat berib turadi.
Sh.Q.Turdibekov
“O‘zagroinspeksiya”ning Zomin
tuman bo‘limi boshlig‘i