“9-may – Xotira va qadrlash kuni” arafasida Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxo‘jayev ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga Prezident tabrigini yetkazdi
Urush musibatlari, oradan 79 yil oʻtgan boʻlsa-da, qalblarda bitmas-tuganmas ogʻriqlar bilan esga olinadi. Millionlab insonlar boshiga yetgan urush bugungi avlodlar zimmasiga tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash masʼuliyatini yuklaydi.
Bugun Zomin tumanida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan birgina inson – Xolbek Ravshanov biz bilan hamnafas hayot kechirmoqda. 100 yoshdan oshayotgan otaxon tinchlikni qadriyat deb biladi va boshqalarni ham shunga undaydi.
Viloyat prokurori Islomjon Ergashxo’jayev, tuman hokimi 1-o’rinbosari Zarifjon Omonqulov, tuman mudofa ishlari bo’limi boshlig’i I.Normirzayev, Milliy gvardiya, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi va boshqa tashkilotlar vakillari Xolbek Ravshanov xonadonida boʻldilar.
Urush faxriysiga davlatimiz rahbarining tabrigi oʻqib eshittirildi. Prezidentimizning farmoniga muvofiq, Xolbek otaga 20 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
Otaxon davlatimizga, Prezidentimizga minnatdorligini bildirib, tinch-osuda kunlarimiz bardavom boʻlishini tilab, duoga qoʻl ochdi.