Oʼzbekiston fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosati aʼzolarining gʼallachilik fermerlari va klasterlariga MUROJААTI
GʼАLLА URUGʼINI TEZROQ YERGА QАDАB, 2025 YILDА GʼАLLАDАN YANАDА MOʼL HOSIL OLАYLIK
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha fidoiylari!
Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin boʼlgan sharoitda qishloq xoʼjaligidagi mavjud resurslar
va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga koʼpaytirish, yuqori hosil olish, agrar sohada yangi ish oʼrinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
Shunday murakkab pallada biz dehqonu fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan koʼra koʼproq masʼuliyat bilan ter toʼkib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Аzaldan xalqimiz nonni eng ulugʼ neʼmat bilib qadrlaydi. Yangi Oʼzbekistonimizning bu yilgi ulkan gʼalla xirmoni omilkor dehqon
va fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, gʼallachilik klasterlari rahbarlari, sohaning fidoiy olimu tajribali mutaxassislarining zahmatli mehnatlari evaziga yaratildi.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli yangilanishlar, gʼallachilikni rivojlantirish borasidagi iqtisodiy tub islohotlarning amaliy natijasidir.
2020 yildan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillari joriy etildi.
Fermer xoʼjaliklariga gʼalla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʼlaridan erkin foydalanish hamda xizmat koʼrsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni taʼminlamoqda.
Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun gʼalla topshirish koʼproq manfaat keltirayotganini biz fermerlar his etmoqdamiz.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomgʼirlatib sugʼorish tizimlari oʼrnatilgan gʼalla maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda.
Bundan tashqari, oʼtgan yili gʼallani erta ekib, tezroq unib chiqqani va soha olimlarining ilmiy tavsiyalari hamda gʼalla ekish
va yetishtirishning har bir bosqichida oʼtkazilgan oʼquv-amaliy seminarlar, shuningdek, bobodehqonlar taʼbiri bilan aytganda,
“Erta ekkan – erta oʼradi” deb bejiz aytmaganligining isboti tasdiqlandi, bu yil har yilgidan moʼl hosil yetishtirish imkonini berdi.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Oʼzbekistonning tabiiy iqlim sharoiti dehqonchilik, jumladan kuzgi bugʼdoy yetishtirish uchun juda qulay hisoblanadi.
2025 yilda har bir gektar gʼalladan 90-100 sentnerdan hosil olish uchun biz dehqon va fermerlar bugundan ishni boshlashimiz zarur boʼlmoqda.
Buning uchun quyidagi tadbirlarni oʼz muddatlarida masʼuliyat bilan yondoshib amalga oshiraylik!
birinchidan, kuzgi bugʼdoy ekish oldidan ekiladigan maydonni sifatli tayyorlang, buning uchun dala maydonini begona
oʼt qoldiqlaridan toʼliq tozalang;
ikkinchidan, yer maydoniga nam berib, tobiga kelgan maydonni kamida 30-35-sm chuqurlikda haydab, tekislagichlar bilan sifatli qilib tekislang, kesakli maydonlarda kesaklarni maydalang, dala atrofi va chetlarini yaxshilab yumshating, yerga-er qoʼshib, toʼliq kontur va toʼliq gektarni taʼminlang;
Maydon kesakli qilib tayyorlansa urugʼlar bir tekis joylashmaydi, yerning yuzasida qolgan hamda koʼmilmagan urugʼlar nobud boʼladi. Natijada, koʼchat siyraklashishi yuzaga keladi
va hosildorlikning pasayishiga sabab boʼladi.
uchinchidan, shoʼr yuviladigan maydonlarni shoʼrini yuvishni va yer yetilishi bilan sifatli qilib boshoqli don ekishga tayyorlang;
toʼrtinchidan, mexanizatorlarga shart-sharoit yarating, tungi
yer haydashni yoʼlga qoʼying;
beshinchidan, bugʼdoydan yuqori hosil olish uchun tuproq iqlimga mos, serhosil navlarni tanlashda adashmang va bunga jiddiy eʼtibor qarating;
oltinchidan bugʼdoyni asosan maxsus don ekish seyalkalarida gektariga 200 kg dan kam boʼlmagan meʼyorda ekilishini taʼminlang;
yettinchidan, bugʼdoyni ekishdan avval oʼsimlik ildiz tizimi yaxshi rivojlanishi va chuqur ketishi uchun har bir gektarga kamida
200 kg dan fosforli va 100 kg dan kaliyli oʼgʼit seping va gʼalladan barakali hosil olishga erishing;
sakkizinchidan, sentyabr oyida bugʼdoyni toʼliq ekib oling, bugʼdoy ekilgan maydonlarda uzunligi 50-60 metr boʼlgan masofada oʼqariq
va shoxariqlar olinib, birinchi suv qoʼyilishini taʼminlang hamda sogʼlom koʼchat oling;
toʼqqizinchidan, 5 oktyabrga qadar bugʼdoyni toʼliq undirib oling, unib chiqqan koʼchat 45-55 kunda tuplash fazasiga oʼtadi hamda qishlovga tuplagan holda kiradi.
Noyabrь oyining boshlarida tuplagan bugʼdoy yuqori hosil berishini aslo unutmang.
oʼninchidan, har bir fermer xoʼjaligi rahbari gʼallachilik klasterlari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, gʼallaga qoʼshimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni ogʼishmay amalga oshirib 2025 yil gʼalla hosilini 90-100 sentnerga oshirib, yuqori daromad olishga erishing.
Habaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xoʼjaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarda asosiy eʼtibor
suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xoʼjalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash,
eng muhimi dehqon va fermerlarning ogʼirini yengil qilishga qaratilmoqda.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning biz fermerlar bilan hamjihat boʼlib ishlashimiz natijasida bu yil gʼalladan misli koʼrilmagan darajada hosil koʼtardik.
2025 yil gʼalladan 90-100 sentnerdan hosil olish uchun biz fermerlar bilan bugundan boshlab hamkorlikda ishlarni yanada samarali tashkil eting.
Buning uchun quyidagi tadbirlarni ogʼishmay amalga oshiring!
birinchidan, fermer xoʼjaliklariga yuqori hosil beradigan gʼalla urugʼlik tanlashda hamda oʼz vaqtida ekilishida amaliy yordam koʼrsating;
ikkinchidan, fermerlar bilan birga gʼallani yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida amalga oshirishda shart-sharoitlar yarating;
uchinchidan, 2025 yil hosili uchun gʼallani ekish ishlarini qisqa fursatlarda va sifatli tashkillashda butun masʼuliyat fermerlar va klasterlar zimmasida ekanligini unutmang!
Аziz fermer va dehqonlar!
Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoati, gʼayrat
va matonatiga koʼz tikib turibdi. Buni bir zum boʼlsa-da, yoddan koʼtarmaylik.
Dasturxonimiz toʼkin-sochin, bozorlarimiz noz-neʼmatlarga toʼla va arzon, turmushimiz yanada farovon boʼlishi ayni paytdagi mashaqqatli mehnatimizga bogʼliq.
Yurtboshimizning ishonchini oqlab, mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qoʼshish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini koʼrsatishga chaqiramiz!
Oʼzbekiston fermer, dehqon xoʼjaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi
Rayosat aʼzolari