Takroriy ekin-qo‘shimcha daromad manbai
Zomin tumanida sug‘oriladigan maydonlarida ekilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlari asosini kuzgi boshoqli don ekinlari tashkil etadi. Har yili besh ming gektarga yaqin sug‘oriladigan maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlari yetishtiriladi. Kuzgi boshoqli don ekinlari yig‘ishtirib olingandan so‘ng shuncha miqdordagi maydonda takroriy ekinlar yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuni e’tiborga olib, kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda asosiy e’tiborni aholining kundalik oziq-ovqat talablarini qondiradigan dukkakli don, sabzavot, poliz va yem-xashak ekinlarini takroriy ekin sifatida yetishtirish kelgusida tumanimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan extiyojlarini to‘la qondirishga zamin yaratadi. Fermer xo‘jaliklarida tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, qisqa navbatli almashlab ekish tizimlariga tuproqda ko‘p miqdorda organik qoldiqlar qoldiradigan hamda uning unumdorligini tikladigan takroriy ekinlarni ekish maqsadga muvofiqdir.
Takroriy ekinlar turlariga qarab dukkakli don (mosh, loviya, soya, yasmiq, burchok), don (sholi, tariq, makkajo‘xori, oq jo‘xori, qand jo‘xori, marjumak), moyli (zig‘ir, yeryong‘oq, soya, kunjut, kungaboqar), ildiz va tuganak mevali (qand lavlagi, xashaki lavlagi, osh lavlagi, sabzi, turp, sholg‘om, kartoshka va h.k.), yem-xashak (makkajo‘xori, jo‘xori, sudan o‘ti, qo‘noq va h.k.), sabzavot (ka- ram, bodring, qovun, tarvuz, pomidor, patison va x.k.) ekinlarga bo‘linadi. Ular takroriy ekin sifatida yetishtirilganda bir yilning o‘zida bir maydondan 2-3 marta hosil olinadi, chorva uchun to‘yimli ozuqa ba’zasi yaratiladi, tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga sharoit yaratilib, toza ekologik muhit vujudga keladi.
Joriy yilda tumanda 4900 gektar maydonda boshoqli don ekinlari yetishtirildi. Tumanda tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga kartoshka, qovun-tarvuz, dukkakli don (mosh) va yem-xashak ekinlarini yetishtirsa bo‘ladi.
Takroriy ekinlarni yetishtirish bo‘yicha muxim tavsiyalar.
Takroriy ekinlarni yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish kerak. Takroriy ekinlarni ekish yoz oyiga, havo haroratining maksimal darajada oshgan kezlariga to‘g‘ri kelishi sababli, urug‘larning unib chiqishi uchun tegishli namlik zaxirasini to‘plash zaruriyati tug‘iladi. Tuprokda tegishli nam zaxirasini to‘plash maqsadida ang‘iz sug‘orilishi, yer yetilganidan keyin 22-25 sm chuqurlikda ag‘darilib haydalishi kerak. Tuprokda zaxira nam hosil qilish uchun mola bosilish kerak. Haydalgan yerning yuza qatlami zichlashtirilganda, uning pastki qatlamidan ko‘tarilgan namlik tuproqning haydalma qatlamida to‘planib, takroriy ekin sifatida ekilgan ekinlar urug‘larining qiyg‘os unib chiqishini ta’minlaydi.
Takroriy ekin sifatida ekiladigan kartoshka va mosh ekinlarini 10-15 iyulga qadar, sabzi ekinini 25 iyulga qadar, lavlagi va sholg‘om ekinlarini 25 iyuldan 5 avgustga qadar ekish maqsadga muvofiqdir. Kechgi bodring ekinini 15 iyulga qadar ekilsa yaxshi hosil beradi. Yem-xashak sifatida ekiladigan ekinlar 15 iyulga qadar ekilsa to‘liq pishib yetiladi.
Bugungi kunda tumanda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish ishlari davom etmoqda.
Hurmatli fermerlar takroriy ekinlarni ekishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirib, ko‘rsatib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilsangiz kelgusida takroriy ekindan yuqori hosil olib qo‘shimcha daromad olishga erishasiz.
Sh.Turdibekov
Zomin tuman agrosanoat majmui
ustidan nazorat qilish
inspeksiyasi boshlig‘i