Vazir deputatlar savollariga javob qaytardi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga favqulodda vaziyatlar vaziri A. Qo‘ldoshev javob berdi.
Qayd etilganidek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va samarali bartaraf etish aholining tinch va xavfsiz hayot kechirishini ta’minlash, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishishda muhim ahamiyatga ega.
Shu bois mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir bo‘lganida harakat qilish bo‘yicha yaxlit davlat tizimi tashkil etilgan bo‘lib, sohaning zarur me’yoriy-huquqiy bazasi shakllantirilgan.
Joylarda “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Prezident farmon va qarorlarida belgilangan talablardan kelib chiqqan holda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga qaratilgan tiziimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Shu jumladan, toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chishi va yer ko‘chkisi hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil etilgan. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida vazirlik va idoralar bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar profilaktikasi tadbirlari o‘tkazilgan hamda xavfli gidrometeorologik va geologik jarayonlar faollashishi mumkin bo‘lgan hududlar o‘rganib chiqilgan.
Natijalarga ko‘ra, gidrometeorologik va geologik xavfli hududlardan 21 ta xo‘jalik — 104 nafar fuqaro doimiy, 1 ta xo‘jalik — 7 nafar fuqaro vaqtincha ko‘chirilgan, 24 ta xo‘jalik — 101 nafar fuqaro yashash uylari atrofida muhandislik-himoya ishlari olib borilgan. Shu bilan birga, 180 ta xo‘jalik — 571 nafar fuqaroning muhofaza, qirg‘oq mustahkamlash ishlarini amalga oshirish orqali sel va toshqin suvlaridan xavfsizligi ta’minlanishga erishilgan.
Shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlash tadbirlari doirasida 48 mingta tekshirish va 9 ming 800 ta profilaktik ko‘riklar o‘tkazilib, tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini targ‘ib qilish va bu borada fuqarolarning savodxonligini oshirish maqsadida 10 million 240 ming 678 nafar fuqarolarni qamrab olgan holda suhbat va yo‘riqnomalar, xodimlarning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha shayligini oshirish maqsadida 58 ta qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari, 1 ming 197 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilgan.
Magistral gaz quvurlari muhofaza maydonlarida mavjud 2 ming 432 ta noqonuniy qurilmadan 1 ming 924 tasini boshqa joylarga ko‘chirish yoki bartaraf etish yuzasidan sudga hujjatlar taqdim qilinib, 798 ta noqonuniy qurilma bartaraf etilgan.
“Hukumat soati”da deputatlar daryo o‘zanlari va qirg‘oqbo‘yi mintaqalarini mustahkamlash hamda sel va suv toshqinlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berishdi.
Vazirning ta’kidlashicha, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar profilaktikasi yo‘nalishida 46 ta yirik suv ombori hamda 34 ta GESning bahor-yoz yog‘ingarchilik mavsumidagi suv toshqinini talofatsiz o‘tkazishga tayyorgarlik, texnik va jismoniy xavfsizlik holati o‘rganib chiqilgan hamda 14 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash maqsadida viloyatlar hokimliklari tasarrufidagi 87 ta suv ob’ektida muhandislik-himoya ishlari olib borilgan. Natijada, 9817 ta xo‘jalik, 5876 gektar ekin maydonlari va xo‘jalik tomorqalari, 50 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlari, asosiy va ichki avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, suv inshootlari va boshqa ob’ektlarni sel va toshqindan muhofaza qilishga erishilgan.
Deputatlar respublika hududlarining seysmik holati hamda seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham qiziqdilar
Qayd etilganidek, bino va inshootlarning seysmik mastahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarini shakllantirish maqsadida pasportbino.uz platformasi yaratilib, 157 ming 47 ta bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha elektron texnik pasportlari shakllantirilgan.
Xususan, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi stansiyalarga 20 ta akselerometrlar o‘rnatilib, kuchli zilzilalarni qayd etish tarmog‘i ishga tushirilgan. Bundan tashqari, “Chorvoq” va “Andijon” suv omborlari hududida seysmiklikni monitoring qilish maqsadida asbob-uskunalar o‘rnatilgan. Ushbu tizim orqali davlat organlari va aholiga sodir bo‘lgan zilzila bo‘yicha ma’lumotlarni 5-7 daqiqa ichida yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Qizg‘in ruhda o‘tgan “hukumat soati”da deputatlar soha istiqboliga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarni berishdi. Muhokamalar so‘ngida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.