Zominliklar "Obodonlashtirish oyligi"ni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga bel bog‘laganlar
Ayni kunlarda “Obodonlashtirish oyligi” doirasida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida tozalik ishlari qizg‘in bormoqda. Viloyatning Zomin tumanida ham bu boradagi ishlar izchillik bilan olib borilayapti. Xususan hudud infratuzilmasini yaxshilash maqsadida barcha mahallalarida ko‘chalar, yo‘l yoqalari, qabristonlar, maktab-u bog‘chalarning atrofi obodonlashtirilmoqda.
Kuni kecha tuman hokimligi, Ekologiya inspeksiyasi, Obodonlashtirish boshqarmasi, “Eko-sfera” MCHJ va “Avtoyo‘l” korxonalari tomonidan keng qamrovli tozalik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. “Mustaqillik” MFY hududida o‘tkazilgan obodonlashtirish ishlarida mahalladagi yo‘l chetlari, qarovsiz qolgan hududlar tozalanib, to‘plangan chiqindilar olib chiqib ketildi. Bog‘dagi dov-daraxtlar parvarish qilindi, chiqindilar, to‘plangan xas-hashaklar olib chiqib ketildi.
Tumanda “Obodonlashtirish oyligi” davomida 10 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari binolari ta’mirlanib, tartibga keltirildi. Ayni kunda 51-maktabda tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, muassasa yangi o‘quv yiliga shay etilmoqda. Shuningdek, “Turkman” qishlog‘idagi 180 o‘rinli 21-maktab binosi kapital ta’mirlanmoqda. O‘quv yilining boshlanishi bilan ta’mirlash ishlari ham tugatilib, bolajonlar yangi o‘quv yilini shinam va yorug‘ xonalarda boshlaydilar. Bundan tashqari, yana 180 o‘rinli o‘quv binosi, sport zalining qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu qurilish va ta’mirlash ishlari uchun 4 mlrd. 386 mln. so‘m mablag‘ ajratildi.
Tumanda transport infratuzilma ob’yektlarini ta’mirlash ishlariga ham e’tibor qaratilayotir. Oylik davomida 29 ta bekatlar ta’mirlandi, 9 km. gaz tarmoqlari bo‘yaldi, 5 km.dan ortiq ichimlik va oqava suv tarmoqlari ta’mirlanib, atrof hududlari obodonlashtirildi. Shuningdek, 10 dan ziyod chiqindi to‘plash shoxobchalari ta’mirlanib, chiqindilar vaqtida shoxobchalardan olib chiqib ketilmoqda. Davlat xususiy sherikchilik asosida ish yuritayotgan “Eko-sfera” MCHJ xodimlari har kuni aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’yektlar, obodonlashtirish ishlari davomida yig‘ilgan chiqindilar olib chiqib, tuman chiqindi poligoniga joylashtirmoqda.