Telefonlar:
(0372) 392-12-12
(0372) 392-14-92
» » ZOMINNING TURISTIK SALOXIYATI YANADA ORTADI

ZOMINNING TURISTIK SALOXIYATI YANADA ORTADI

25 август 2023 йил
575
0

 

Prezidentimizning 2021 yil 6 apreldagi farmoniga asosan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun turistik zona hududidan 2007 gektar, shundan turistik zonada infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun 700 gektar yer maydoni ajratildi.

Avstriyaning “Spatial data management” loyihalashtirish konsalting kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga muvofiq hamkorlikda muayyan ishlar olib borildi.  

 

 

“Zomin” turistik-rekreatsion zonasining bosh rejasiga muvofiq hududda dastlabki qiymati 2,8 trillion so‘m bo‘lgan quyidagi ob’ektlar 225 o‘rinli anjumanlar saroyi, oilaviy ko‘ngil ochar markazi, 4 ta to‘rt yulduzli, 7 ta uch yulduzli mehmonxonalar, 5 ta zamonaviy dor yo‘llari, 6 ta apartament uylar, 7 ta restoran va kafelar, 8 kilometrli tog‘ chang‘i uchish trassasi, 13 ta attraksionlar qurilishi rejalashtirilgan.  Bugungi kunda “Suffa” platosida tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan 3 ta zamonaviy 360 o‘rinli mehmonxonani qurilish ishlari yakunlandi.  

Bugun esa “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi hududida loyiha doirasidagi zamonaviy dor yo‘lini va ko‘p qavatli avtoturargohning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.    

Keng jamoatchilik vakillari taklif etilgan tadbirni Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniev kirish so‘zi bilan ochib, joriy yilda hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, marosimda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiev, mehnat faxriysi Mirzoulug‘ Haydarovlar ham so‘zga chiqdi.  

 

Zamonaviy dor yo‘li va ko‘p qavatli avtoturargoh “O‘zmilliybank” AJ buyurtmasiga asosan “Gold step” MChJ tomonidan bunyod etildi. Ob’ektdagi qurilish-montaj ishlari uchun (dor yo‘lidan tashqari) 133,3 milliard so‘m sarflandi. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida dunyoga mashhur Shveysariyaning “Bartolet AG” kompaniyasi tomonidan 6,72 million yevrolik dor yo‘li uskunalari yetkazib berildi.  

“Zomin” osma dor yo‘lining uzunligi 2 640 metr bo‘lib, 12 minorali 11 ustundan tashkil topgan. Shu bilan birga 11 sonli eng baland minoraning balandligi 35 metrni, yerga qadar eng katta masofa esa 74 metrni, dor yo‘lining eng katta qiyaligi 42 gradusni tashkil etadi.  

Quyi stansiyaning dengiz sathidan balandligi 1961,1 metrni, yuqori stansiyasi esa 2490,6 metrni, stansiyalar o‘rtasida balandlik farqi 529,5 metrni tashkil etadi. Dor yo‘lida mijozlarni tashish uchun “Porsche” studiyasida  ishlab chiqilgan zamonaviy dizayndagi 36 kabina taqdim etilgan. Maksimal o‘tkazish qobiliyati (bir tomonlama) soatiga 1 200 nafar mijozlarni qabul qilish quvvatiga ega.  

 

“Zomin” turistik-rekreatsion zonasi hududida qurilgan zamonaviy dor yo‘lida bugungi kunda xorijlik mutaxassislar tomonidan montaj va ishga tushirish ishlari yakunlangan va barcha zaruriy test sinovlari o‘tkazilib, mijozlar xavfsizligi ta’minlagan.  

Bundan tashqari, mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, dor yo‘lining pastki stansiya hududida yig‘ma metall konstruksiyalardan foydalangan holda 400 o‘rinli, 5 qavatdan iborat avtoturargoh qurib bitkazildi.  

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 iyuldagi qaroriga muvofiq, zamonaviy uslubda qurilgan qiymati 48,7 milliard so‘mni tashkil qiluvchi sog‘lomlashtirish markazida mijozlarning dam olishlari  uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.  

– “Ikkinchi Shvesariya” deb ataladigan Zominda sayyohlarni keng jalb qiluvchi dor yo‘lining barpo etilishida ishtirok etganimizdan juda ham mamnunmiz, – deydi loyihaning texnologik nazoratchisi Rayn Xold Shmit. – Zominning betakror tabiatini yuqoridan  tomosha qilish imkoniyati sayyohlarga katta zavq bag‘ishlaydi. Bu majmuaning Mustaqillik bayrami arafasida ishga tushgani o‘zbeklar odatiga ko‘ra, “to‘yga to‘yonadir”. Bugun tadbirda ishtirok etayotgan barchaga minnatdorlik bildiraman.  

 


 


 


скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Foydali havolalar