“Yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish uchun Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya ajratish tartibi joriy etiladi. “Yashil” iste’mol krediti quyosh fotoelektr stansiyasi, quyosh suv isitkichlari va shamol elektr stansiyalarini o‘rnatish maqsadlari uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladi.
Qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan hamda foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan “yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 5 foizli banddan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplab berish uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya to‘lab beriladi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi “yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:
- “Yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya ajratish;
- kompensatsiya ajratish shartlari va miqdorlari;
- kompensatsiya mablag‘larining hisobini yuritish tartibi.
Mazkur qaror aholining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanishga, ushbu qurilmalarni sotib olish uchun ajratiladigan “yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA