YASHIL MAKON UMUMMILLIY HARAKATI AMALDA
"Yashil makon” umummilliy tadbiri boshlanib, keng jamoatchilik tomonidan qator tadbirlar davom etayotgan bir pallada "Zomin" Suv iste’molchilari Uyushmasi hududidagi sobiq Poslovskiy xo‘jaligi o‘rnida ham ulkan bog‘zor barpo etish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Mehnatsevar xalqimiz ona zaminimizga nihol qadab, bog‘-u rog‘ barpo etish, uning har go‘shasini yashillikka burkashdek ulug‘ maqsad yo‘lida birlashdi. Bugun yurtimizda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan insonlar mazkur umummilliy loyihasida ishtirok etmoqda. Korxona-tashkilot, sektor hududlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Ota-bobolarimiz “Birni kessang, o‘nni ek” deya bejiz ta’kidlamagan. Bu maqolning mohiyatida shunchaki nihol ekib, bog‘ yaratish emas, balki bizni o‘rab turgan olamdagi yashillikni saqlashdek ezgu maqsad mujassam. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak.
Bu nima degani? Bu – tabiatni asrash, suv resurslarini tejash, isrof qilmaslik, ekologik tizimni barqarorlashtirish, daraxt ekib, bog‘ yaratish degani.
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoatning yuqori sur’atlarda rivojlanib, tabiatga nisbatan inson omilining ortishi ekologiyaga sezilarli darajada salbiy ta’sir o‘tkazayotgani hech birimizga sir emas. Bu jarayonlar bir osmon ostidagi mamlakatlar qatorida, bizning yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Dunyoda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlarining oqibatlari har bir davlatni “yashil taraqqiyot” hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga monand harakatlarni amalga oshirishga da’vat etmoqda.
Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish bilan bog‘liq kuzgi daraxt ekish mavsumi reja grafigiga muvofiq, yurtimizda daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan tizimli ishlarning yanada keng quloch yoyishi xuddi ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Bu yilgi kuz mavsumida ham ko‘plab hudud va tarmoq rahbarlari, mahallalar, aholi, fermer-dehqonlar, umuman keng jamoatchilik jonbozlik ko‘rsatib, ushbu ezgu maqsad yo‘lida o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Ushbu umummilliy harakatdagi ustuvor vazifalardan biri – joriy kuz mavsumida tumanimizda har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlash ustuvor vazifalardan.
"Zomin" SIUda shu maqsadlarda 10500 dona Xandon pista ko‘chatlari yaxshi niyat bilan yerga qadaldi.