"Zominsoy" ko‘ngil ochar va dam olish majmuasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi
Barchamizga yaxshi ma’lumki, Zomin tumani geografik joylashuviga ko‘ra tog‘ va qir-adirlar turizmiga turistlarni jalb qila olish uchun keng imkoniyatga ega va salohiyati yuqori bo‘lgan hudud hisoblanadi.
Tumanimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmay kelgan.
Yaqin yillargacha turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmagan, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Bugungi kunga kelib buning aksi o‘laroq, Turizm sohasi - tumanimiz iqtisodiyotining “drayver” sohalaridan biriga aylangan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Muxtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning “Turizm – mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni” deb bejizga ta’kidlamaganligini bugun yanada chuqurroq tushunib yetmoqdamiz.
Ya’ni, hududning turizm salohiyatini yuksaltirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, turizm xizmatlari eksportini amalga oshirish barobarida iqtisodiyotimiz rivojlanishiga katta hissa qo‘shish imkoniyatlari mavjud.
Joriy yilning boshida Muxtaram Prezidentimiz tomonidan mazkur sohaga shaxsan e’tibor qaratilib, sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi va ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko‘plab imtiyoz, yengilliklar yaratildi.
Buning natijasida birgina bizning tumanimizda turizm sohasini rivojlantirish yuzasidan ko‘plab yutuqlarga erishilmoqda.
Atiga bir necha yil muqaddam Zomin markaziga kelgan kishi bugun kelsa shahrimizni tanimasligi aniq. Yangidan-yangi savdo komplekslari, turarjoy binolari, zamonaviylik va milliylikni o‘zida to‘la mujassam eta olgan arxitektura yechimiga ega bo‘lgan binolar tumanimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.
Tumanimizning markazida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga bevosita guvohmiz. Zero, so‘nggi yillarda bunyod etilgan o‘nlab ko‘rkam, muhtasham, zamonaviy binolarni ko‘rib quvonamiz va faxrlanamiz. Sababi, xammamizga ma’lumki 178 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan Zominsoy ko‘ngil ochar va dam olish majmuasi o‘z faoliyatini boshladi.
Bugun tumanimiz ahli uchun qo‘shaloq bayram “Jizzax trest-21” MChJ tomonidan 30 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 150 o‘rinli “Zominsoy” mexmonxona qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi.
Sharqona me’moriy yechim va uslublarning zamonaviy arxitektura bilan uyg‘unlashuvini o‘zida mujassam etgan ushbu majmua tezkor turmush tarzidan biroz tin olish, yoki shunchaki xordiq chiqarish uchun barcha sharoyitlar yaratilgan bo‘lib o‘zining landshaft dizayni, joylashgan go‘zal hududi bilan e’tiborni tortadigan majmua hisoblanadi. Xalqimiz va mexmonlarimizga ko‘p yillar davomida xizmat ko‘rsatadi.