“Vatan ostonasi” shiori ostida tashkil etilgan “Maʼnaviyat karvoni” Zomin tumanida bo'ldi
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan imzonlangan “Yoʻl xaritasi”ga asosan “Vatan ostonasi” shiori ostida tashkil etilgan “Maʼnaviyat karvoni” Zomin tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida boʻldi.
Poytaxtimizdan tashrif buyurgan shoiru yozuvchilar, taniqli kino va teatr aktyorlarining 300 dan oshiq Zominlik yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvda inson maʼnaviy olamini boyitishdagi muhim jihatlar, mamlakatimizda yoshlar taʼlimini va maʼnaviyatini yuksaltirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashlari uchun yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar xususida soʻz yuritildi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, mazkur tadbir “Chegaraoldi mahallalarda yashovchi yoshlarni turli yot gʻoyalar girdobiga tushib qolishini oldini olish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda anʼanalarga hurmat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida oʻtkazilgan boʻlib, tadbirda tugʻilib oʻsgan tuproq va vatanparvarlikni madh etuvchi sheʼrlardan parchalar oʻqildi.
Shuningdek, maktab hovlisida sarhadlarimiz posbonlari tomonidan namoyish etilgan qurol-aslahalar koʻrgazmasi ham tuman yoshlarini befarq qoldirmadi.