Sudya va aholi vakillari o‘rtasida muloqot
Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi. Ushbu jumlalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Bundan ko‘rinadiki, xalq manfaatlari barchasidan ustundir. Shu munosabat bilan Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi X.Madatov joriy yilning 11 sentabr kuni tuman hududida joylashgan Paxtakor mahalla fuqarolari bilan uchrashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-4818-sonli Qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tdi.
Jumladan, mazkur qaror so‘nggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga imkon berishi haqida aytib o‘tdi.
Shuningdek, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rishda ko‘pgina vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqdaligi, bundan tashqari, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish choralari ko‘rilayotganligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
O‘tkazilgan davra suxbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga sud raisi tomonidan batafsil javoblar berib o‘tildi.