QONUNCHILIKDAGI YANGLIKLAR BO‘YICHA SUDYALARNING AHOLI VAKILLARI BILAN OCHIQ MULOQOTI
Joriy yilning 24 yanvar kuni Zomin tuman hududida joylashgan “Shirin” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida aholi vakillari ishtirokida Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sh.Begmatov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 25 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-888-sonli Qonunining mazmun-mohiyati to‘g‘risida davra suxbati tashkil etilib, mazkur qonun bilan viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etilganligi haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.
Xususan, yangi qonun bilan apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinganligi hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilganligi ham ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, ushbu uchrashuv davomida ishtirokchilarga fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi O.Egamberdiev hamda ushbu sud sudyasi A.Po‘latovlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, endilikda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash buyicha izchil ishlar olib borilganligi, olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqqanligi aytib o‘tildi.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, aholi vakillari tomonidan hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan o‘z yechimini topmayotgangan muammolar bo‘yicha berilgan savollarga sudyalar tomonidan huquqiy jihatdan tushuntirishlar berildi.
Shomurod Begmatov
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi