Zomin tog‘larida avtopoygachilar
Jizzax viloyatining Zomin tumani azaldan o‘zining xushmanzara tabiati bilan barchani o‘ziga maftun etib kelgan. Shu bois manzilga tashrif buyuruvchi mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimi kun sayin ortmoqda.
Sayyohlarga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida turizm markazlarida mehmonxonalar, restoran, kafe va umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati tashkil qilingan. Shuningdek, sog‘lomlashtirish va “SPA” xizmatlari, suzish havzalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida, savdo-ko‘ngilochar majmualarda boj olinmaydigan savdo do‘konlari — “duty free” va qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan sotilgan ayrim turdagi tovarlarga “tax free” tizimi qo‘llaniladigan chakana savdo shoxobchalari barpo etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, milliy ipak matolari hamda hunarmandchilik — suvenir mahsulotlari savdosi, milliy zargarlik mahsulotlari va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan 10, 20, 50, 100, 200, 500 gramm va 1 kilogrammli oltin quymalar, o‘lchovli quymalar chakana savdosidan iborat bo‘lgan “oltin yo‘lak” savdo qatorlari tashkil etiladi. Yirik xalqaro brendlarning sifatli mahsulotlari sotuvi, to‘y marosimi tadbirlarini tashkil etish uchun savdo nuqtalari va kinoteatrlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 12 yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan “Rossiya Federatsiyasidan turistlarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan. Mazkur dasturga binoan joriy yilda Rossiyadan 1 milliondan ziyod turist tashrifini amalga oshirish hamda avto-mototurizm turlarini rivojlantirish va sayyohlar oqimini oshirish vazifalari belgilangan. Ushbu hujjatlarga asosan, viloyat Turizm boshqarmasi tomonidan qator amaliy ishlar bajarilayotir.
Jumladan, Zomin turistik rekreatsion zonasi DUK, O‘zbekiston avto-moto turizm assotsiatsiyasi hamda Rossiyaning “Dreamteam” avtoturizm jamiyati hamkorligida tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida Zomin tumanidagi Suffa-2400 platosi hududida “MK Rally” xalqaro musobaqasi o‘tkazildi.
Ushbu bahslarda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus Respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasidan sportchilar ishtirok etdi.
Poyga shiddatli tus olib, har bir jamoa o‘z mahoratini namoyish etdi. Muhimi, ular vohaning betakror tabiati, o‘ziga xos milliy taomlaridan bahramand bo‘lib, turistik salohiyatiga munosib baho berdi.