OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIAT RESURSLARI VAZIRI AZIZ ABDUHAKIMOV ZOMIN TUMANIDAGI AMALIY ISHLARNI KO'ZDAN KECHIRDI
O'zbekiston Respublikasi Referendumiga qizg'in hozirlik ko'rilayotgan ayni paytda tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Zomin tumanidagi saylov uchastkalarida bo'lib, ulardagi tayyorgarlik jarayonlari bilan qiziqdi.
Tabiat resurslari vaziri saylov uchastkalari joylashgan ta'lim muassasalarini ko'zdan kechirar ekan, ovoz berish jarayonlarida aholiga qulaylik yaratish uchun saylov uchastkasiga olib boruvchi ichki yo'llarning holati, toza ichimlik suvi ta'minoti, bolalar uchun tashkil qilingan maxsus xonalar va tibbiyot xonalarida yaratilgan sharoitlarga e'tibor qaratdi. Bu boradagi ishlarni yanada yaxshilash bo'yicha tegishli taklif va tavsiyalar berdi.
Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, Zomin turizm va servis kollejida bo’layotgan qurilish ishlari bilan tanishdi va ko'chaga tutash yo'lkada qad ko'tarayotgan bino-inshootlarda qurilish sifatini ta'minlash yuzasidan mas'ullarga ko'rsatmalar berdi.