Jizzax-Zomin avtomobil yo‘lining ikki chetida 1 ming gektar bog‘ yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining maxsus ishchi guruhi tomonidan qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi rahbari Husniddin Karimov boshchiligidagi vakillar ishtirokida Zomin tumanida o‘rganish ishlari olib borildi.
Guruh a’zolari dastlab hududda tijorat banklari kreditlari va tadbirkorlar mablag‘lari yo‘naltirilishi natijasida tashkil qilingan mevali bog‘lar, uzumzorlar hamda issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, hududda barpo etilgan bog‘ va tokzorlar, sabzavot maydonlarini tashkil etish uchun ajratilgan yer maydonlarini joyiga chiqqan holda o‘rgandilar. Maxsus ishchi guruhga Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniev va Peshag‘or mahallasidagi hokim yordamchisi Bobur Umurzoqovlar tomonidan hududda shu vaqtga qadar amalga oshirilgan ishlar (uzumchilik va gulchilik sohalarida) hamda kelgusida qilinishi lozim vazifalar tanishtirib o‘tildi.
O‘z navbatida bog‘ va tokzorlarni o‘rganish davomida viloyatning iqlim, tuproq va suv sharoitidan kelib chiqib, bog‘ va tokzorlarda qanday ko‘chat navlarining ekilishi yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berilib, amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflar ishlab chiqiladigan bo‘ldi.