YUKSAK MARRALARNI KO‘ZLAGAN YOSHLAR
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara Qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va tuman hokimligi boshchiligida, Jizzax viloyati Zomin tuman Maktabgacha va maktab ta’limi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlovning tuman bosqichida mamlakatimizda Qurolli Kuchlar tizimini isloh qilish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ruhiy va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda “Yosh chegarachilar” tanlovi muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Musobaqada tuman bosqichlarida yuqori natija ko‘rsatgan 10 ta jamoa saf tayyorgarligi, yuz metrga yugurish, turnikka tortinish, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish singari qator shartlar asosida g‘oliblik uchun bahs olib bordi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Zomin tumanidagi harbiy qism komandiri o‘rinbosari mayor Dilshodbek Turg‘unov – Har bir jamoa munosib qatnashib, musobaqaga jiddiy va puxta tayyorgarlik ko‘rganligini namoyish etdi.
Qiziqarli va bahslarga boy bo‘lgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabining “Lochinlar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Musobaqada ikkinchi o‘rin 11-umumta’lim maktabining “Burgutlar”, uchinchi o‘rin esa 37-umumta’lim maktabining “Sarhad” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan jamoalar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.