Takroriy ekin sifatida kartoshka yetishtirish
Respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab xukumatimiz kartoshkachilikka alohida e’tibor berib kelmoqdalar. Yurtimizda ichki bozorni o‘zimizda yetishtirilgan arzon, sifatli mahsulot bilan to‘ldirish maqsadida boshqa davlatlardan respublikamiz tuproq iqlim sharoitiga mos, yuqori hosilli kartoshka navlari keltirilgan. Bugungi kunda Respublikamizning barcha hududlarida g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin sifatida kartoshka ekmoqdalar.
Zomin tumanida ham har yili dehqonlarimiz tomonidan g‘alladan bo‘shagan maydonlarda kartoshka yetishtirmoqdalar. Bu yil ham tumanimiz dehqonlari tomonidan 300 gektardan ortiq maydonda kuzgi kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Tumandagi Kultepa, Molguzar, E.Xolmatov, va Achchi SIU hududlari iqlim sharoiti kartoshka yetishtirishga qulay bo‘lib, ushbu hududlarda kartoshkadan yuqori hosil olish imkoniyati bor.
Tumanimizda kuzgi kartoshka yetishtiruvchi dehqon, fermer va tomorqa yer egalariga yuqori hosil uchun quyidagi tavsiyalarni berib o‘tamiz.
Birinchi navbatda kechki kartoshka ekiniga yerni tayyorlashda ekin qoldiqlaridan tozalanib, gektariga 25-30 tonna chirigan go‘ng, 300-350 kg ammofos va 150-200 kg kaliy tuzi tavsiya asosida solinib, maydonlar ketma-ket 28–32 sm chuqurlikda haydaladi, ortidan 20–22 sm chuqurlikda chizellanadi. Boronalash bilan birga molalanib KRN-2,8 A yumshatgich yordamida sug‘orish egatlari olinadi va sug‘oriladi. Asosiy yer sifatida ajratib qo‘yilgan yozgi kartoshka maydonlari 20–25 sm chuqurlikda yumshatilib, keyin borona bilan birga molalanadi va sug‘orish egatlari olinadi. Dala qondirib sug‘orilgan maydonlarga, yer yetilib, ekish mexanizmi kirish mumkin bo‘lgan davrda kartoshkani SN-4B rusumli moslamada ekish tavsiya etiladi. Iste’mol uchun yetishtiriladigan kartoshka tuganaklari 70x25-30 sm yoki 90x20-25 sm oraliqda ekiladi. Kuzgi kartoshkani 2-15 iyulga qadar ekish maqsadga muvofiqdir.
Bizning hududlarga asosan Kartoshkaning Rozara, Sante, Alvara, Arinda, Beluga, Umid–2, Pskom, Kondor, Draga, Karlena, Latona, Palma, Marfona, Pikasso, Romano kabi o‘rtapishar va o‘rta kechpishar – To‘yimli, Diamat, Simfoniya kabi respublikamizda ekish uchun ruxsat etilgan boshqa navlari ekiladi.
Maydonlar nihollar to‘liq unib chiqkuncha ob-havo va yer sharoitiga ko‘ra 1–2 marta sug‘oriladi. Sug‘orish natijasida begona o‘tlar ham jadal o‘sib chiqa boshlaydi. Ularni yo‘qotish maqsadida sug‘orishdan 4–6 kun o‘tgach qator oralari va egatlarning ustki qismiga to‘rsimon boronalar yoki rotatsion borona bilan yalpisiga ishlov berish katta ahamiyatga ega bo‘lgan muhim tadbir hisoblanadi. Ular yerdan to‘liq unib chiqqandan keyin 10–15 kun o‘tgach, o‘simliklarga birinchi kompleks ishlov beriladi, qator oralari 15–16 sm chuqurlikda, 10–12 sm himoya masofasi qoldirilib, yumshatiladi. Keyin esa o‘simlik oralari yengil chopiq qilinib, begona o‘tlardan tozalanishi lozim. Shundan so‘ng maydondagi o‘simliklar KRN-2,8 A rusumli yumshatgich yordamida birinchi marta azotli o‘g‘it (50%) bilan oziqlantirib, keyin qondirib sug‘orish tavsiya etiladi. Ikkinchi kompleks ishlov berish (bi-rinchisidan keyin) 25–28 kun o‘tgach yoki o‘simliklar yoppasiga g‘unchalaydigan davrda amalga oshiriladi. Kechki kartoshka o‘suv davrida 8–10 kun oralatib bir me’yorda sug‘oriladi. Hosilni yig‘ib-terib olishga 2–3 hafta qolganda suv berish to‘xtatiladi. Kartoshka o‘simligi asosiy oziqa elementlariga o‘ta talabchan. Kechki muddatda ekilgan kartoshkadan yuqori hosil olish uchun mineral o‘g‘itlarni belgilangan mikdorda berish tavsiya etiladi.
Sh.Turdibekov
Zomin tuman agrosanoat majmui
ustidan nazorat qilish
inspeksiyasi boshlig‘i