“Notariuslardan bepul huquqiy bilimlar” aksiyasi o‘tkazildi
Barchamizga ma’lumki keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarga yengillik yaratish, ularga xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida barcha sohalar singari notariuslar faoliyatini takomillashtirish, ularning ish sifatini oshirishga keng e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bu borada O‘zbekiston Notarial palatasi tashkil etildi, uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Bundan tashqari 2022 yilda O‘zbekiston notariat tizimi Xalqaro notariuslar ittifoqining 91-a’zosi bo‘ldi. Fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida ko‘chmas mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini, mulkdorning yaqin qarindoshlariga beriladigan avtotransport vositasini boshqarish uchun ishonchnomalarni, birlamchi bozordagi garov va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi. Bu borada amalga oshirilayotgan ana shunday islohotlar zamirida albatta birinchi navbatda inson manfaatlari mujassamdir.
Amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilning 20-21 avgust kunlari “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston Notarial palatasi hamda “Madad” NNT o‘rtasida hamkorlikdagi tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha imzolangan memorandum asosida e’lon qilingan ikki kunlik “Notariuslardan huquqiy bilimlar” aksiyasiga start berildi. Aksiyadan ko‘zlangan maqsad fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmini yaratish, huquqni muhofaza qilish sohasidagi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar tayyorlashdan iborat. Ushbu aksiya Jizzax viloyatida ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib kelinmoqda. Zomin tumani Qo‘rg‘on MFYda joylashgan hamda Do‘stlik tumani, G‘ofur G‘ulom MFYda joylashgan davlat xizmatlari markazi binosida mahalla fuqarolari uchun notariuslardan huquqiy bilimlar olish maqsadida tashkil etilgan tadbirda fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy sohadagi savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar va huquqiy maslahatlar oldilar. Aksiyada mahalla fuqarolari, yoshlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘tkazilgan tadbirlarda qatnashgan 90 dan ortiq fuqarolar yer, uy-joy, mehnat va oilaviy munosabatlar, avtotransport vositalarini rasmiylashtirish, mol-mulkga egalik qilish, hujjatlar tarjimasini bir tildan boshqa tilga o‘girish, uy-joy bo‘iycha ishonchnoma maslaxati, sudga ishonchnoma berish, garov shartnomasini rasmiylashtirish, kafillik xati berish, hadya va meros masalalari bo‘yicha huquqiy maslahatlar olishdi. Bunday huquqiy targ‘ibot tadbirlarining o‘tkazilishi oilalarda nizolarning kamayishiga, manfaat va huquqlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qilishi shubhasiz.
“Yuksalish” harakati Jizzax
viloyati hududiy bo‘linmasi